Angor tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga tumandagi Sharq Guli MFY da yashovchi fuqaro B.Sh murojaat qilgan.
Fuqaroning ma’lum qilishicha, u Angor tumanidagi Tijorat bozori hududida joylashgan maishiy texnika savdo do‘konidan 3 800 000 so‘m evaziga “Ziffler” rusumli konditsioner xarid qilgan. Qurilma o‘rnatilganidan so‘ng dastlab yaxshi ishlagan, biroq oradan 20–25 kun o‘tib, konditsioner nuqsonli bo‘lib, ishlamay qolgan.
Fuqaro B.Sh bu holat yuzasidan bir necha marotaba do‘konga murojaat qilib, qurilmani ta’mirlab berishlarini so‘ragan. Biroq do‘kon ma’muriyati uning talabini rad etgan. Ushbu murojaat Angor tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan ko‘rib chiqildi. Tashkilot vakillari tomonidan do‘kon xodimlariga iste’molchi huquqlari bo‘yicha qonunchilikka muvofiq tushuntirishlar berildi.
Natijada do‘koni mutaxassis ustalar tomonidan konditsioner sifatli tarzda ta’mirlandi. Hozirda ushbu texnika vositasi to‘liq ishlamoqda, iste’molchi esa muammosiga ijobiy yechim topilganidan mamnun.