Sherobod tumanining “Balxiguzar” mahallasida yashovchi fuqaro tuman markazida joylashgan maishiy-texnika savdo do‘konidan 4 400 000 so‘mga “Artel” rusumli kir yuvish mashinasini xarid qilgan edi. Ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmasidan, sotib olingan texnikada nosozliklar yuzaga keldi.
Fuqaro do‘kon xodimlariga texnik nosozlik haqida murojaat qilgan, biroq uning murojaati e’tiborsiz qoldirilgan. Ushbu holat yuzasidan Sherobod tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qoldirgach, mutaxassislar tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Mutaxassislar holatni o‘rganib chiqib, tomonlarga amaldagi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalariga asosan tushuntirish ishlarini olib bordi. Natijada, nosoz kir yuvish mashinasi yetkazib beruvchi tashkilotning servis xizmati tomonidan qayta ko‘rib chiqildi va ta’mirlab berildi.