Sariosiyo tumanida iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, fuqarolarning murojaatlari asosida ayrim korxonalar va tashkilotlar tomonidan yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlar yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi.
Shu jumladan: “Do‘stlik” MFYsida yashovchi fuqaro A.Q nomiga "BIO TEX EKO" MCHJ tomonidan 360 000 so‘m miqdorida mablag‘ asossiz hisoblangan bo‘lib, ushbu holat yuzasidan iste’molchining huquqlari tiklandi.
“Jannatmakon” MFYda yashovchi fuqaro M.Sh esa 25-maktab vakiliga "XET" AJ "Energo Savdo" tomonidan asossiz ravishda 528 000 so‘m to‘lov belgilangani yuzasidan murojaat qilgan. Natijada, bu masalada ham iste’molchining manfaatlari himoya qilinib, holat ijobiy hal etildi.
Shuningdek, “Do‘stlik” MFYda yashovchi fuqaro M.J toza hudud mashinalari tomonidan xizmat ko‘rsatilmaganini bildirgan. Shu bilan birga, fuqaroga sizning nomingizdan 143 000 so‘m miqdoridagi to‘lov asossiz deb topilib, u bekor qilindi.
“Afrosiyob” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro M. Usmanova "Sitora-Profession" MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan shirinlik mahsulotidan norozi bo‘lgan. Murojaat asosida korxona tomonidan fuqaroga 100 000 so‘m miqdorida zarar qoplab berildi.
Mazkur holatlar fuqarolarning iste’mol madaniyati ortib borayotgani va o‘z huquqlarini faol himoya qilayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, bu kabi masalalarda tegishli idoralar tomonidan tezkor choralar ko‘rilayotgani ham iste’molchilarning manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.