• O'zbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyati Termiz shahar, At-Termiziy ko'chasi 2-uy

Yangiliklar

2025-05-13

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish yo'lida muhim tashabbuslar

Surxondaryo viloyatidagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish tuman (shahar) jamiyatlari tomonidan aholining iste'mol madaniyatini oshirish, fuqarolarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash maqsadida qator davra suhbatlari va o‘quv seminarlar tashkil etilmoqda.

Xususan, Oltinsoy tumanidagi 22-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida Oltinsoy tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan “Biz barchamiz iste’molchimiz” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi. Tadbirda ishtirokchilarga iste’molchilar huquqlari, ularning vazifalari, tovar va xizmatlardan foydalanishda nimalarga e’tibor berish zarurligi haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Shu bilan birga, Termiz shahar I.H.H.Q. jamiyati tomonidan ham 1- va 2-sonli umumta’lim maktablarida shu mavzuda seminarlar tashkil etilib, o‘quvchilar va o‘qituvchilar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

Sariosiyo tuman I.H.H.Q. jamiyati esa tumandagi 2- va 4-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Biz barchamiz iste’molchimiz” va “Iste’molchi qonun himoyasida” shiorlari ostida davra suhbatlari tashkil etdi. Mazkur suhbatlarda yosh avlodga iste’mol madaniyatining asosiy tamoyillari haqida tushuncha berildi.

O‘tkazilgan tadbirlar davomida mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining huquqiy savodxonligini oshirish borasida yaratilayotgan shart-sharoitlar, amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati haqida keng tushunchalar berildi. Mutasaddi tashkilot vakillari fuqarolarga sifatli mahsulotlar xarid qilish, shubhali va sifatsiz mahsulotlardan voz kechish, shuningdek, huquqlari buzilgan taqdirda tegishli idoralarga murojaat etishlari bo‘yicha tavsiyalar berdilar.