2025-yil 19-may kuni Sariosiyo tumanining Aeroport mahallasida yashovchi fuqaro M.D. tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi. Murojaatda fuqaro o‘z nomiga “J.D.” MCHJ tomonidan uyni saqlash bilan bog‘liq tarzda 3.062.676 so‘m miqdorida qarzdorlik chiqarilganidan norozi ekanini bildirgan.
Murojaat asosida Sariosiyo tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan mas’ul tashkilot — “J.D.” MCHJ vakili I.T. va boshqa mutasaddi shaxslar ishtirokida holat joyida o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida fuqaro M.D. nomiga chiqarilgan 3.062.676 so‘m miqdoridagi qarzdorlik asoslanmaganligi, ya’ni norealligiga aniqlik kiritildi.
Natijada fuqaroning haqli e’tirozi inobatga olinib, noreal qarzdorlik butunlay bekor qilindi. Bu esa iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan samarali ishlarning yana bir amaliy namunasi bo‘ldi.