O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga har kuni turli xil sohalarda iste’molchilardan murojaatlar kelib tushmoqda. Murojatlardagi masalalar katta yoki kichikligiga qaramasdan xalqqa xizmat ko‘rsatish bu bizning vazifamizdir.
Misol qilib oladigan bo‘lsak kelib tushgan murojaatlarning birida Sariosiyo tuman “Bo'yrapo'sh” mahallasida yashovchi F.R tumanda joylashgan chiqindi to'plash va olib ketish bilan shug'ullanuvchi “BIO TEX EKO” MCHJ tomonidan xonadoniga hisoblangan 698 680 so‘m noreal qarzdorlikdan norozi ekanligi keltirilgan.
Xuddi shunday murojaatlardan yana biri Uzun tumanida “Do‘stlik” MFYda yashovchi fuqarodan ham kelib tushgan bo‘lib, murojaatda uning xonadoniga “BIO TEX EKO” MCHJ tomonidan hisoblangan 852 400 so‘mdan 762 800 so‘m ortiqcha hisoblanganligidan norozi ekanligi keltirilgan.
Yana bir murojaatda esa Bandixon tumani “Saroy” mahallasida yashochi fuqaro M.K tumandagi dehqon bozori hududida joylashgan maishiy texnika do‘konida 180 000 so‘m evaziga termos xarid qilgan. Ammo mahsulot sifatsizligi sababli almashtirmoqchi bo‘lganida sotuvchi turli bahonalar bilan mahsulotni qaytarib olmagan.
Mazkur murojaatlar tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan qisqa vaqt ichida o`rganildi hamda tomonlarga amaldagi qonunlar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Shuningdek asossiz hisoblangan noreal qarzdorliklar va sifatsiz mahsulotlar uchun to‘langan pullar iste’molchilar foydasiga hal etildi.