Sherobod tumani “Guliston” mahallasida yashovchi fuqaro N.M o‘z ehtiyoji uchun tuman markazida joylashgan maishiy-texnika do‘konidan 11 800 000 so‘m evaziga “Acer” rusumli noutbuk xarid qiladi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, ushbu qurilmada texnik nosozliklar borligi ayon bo‘ladi.
Fuqaro ushbu holat bo‘yicha do‘kon xodimlariga murojaat qilib, noutbukni yangi, sifatlisi bilan almashtirib berishni so‘raydi. Biroq do‘kon vakillari turli bahonalarni ro‘kach qilib, bu talabni rad etadi.
Adolat izlagan fuqaro Sherobod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat qiladi. Mazkur murojaat asosida jamiyat mutaxassislari tomonidan voqea o‘rganilib, tomonlarga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni talablari asosida tushuntirish ishlari olib boriladi.
Tegishli yondashuv va tushuntirishlar natijasida do‘kon ma’muriyati nuqsonli mahsulotni yangi va sifatli noutbuk bilan almashtirib berishga rozi bo‘ladi.
Ushbu holat iste’molchilarning qonuniy huquqlari borligini va ularni himoya qilish mexanizmlari amalda ishlashini ko‘rsatib berdi. Shuningdek, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish va o‘z haq-huquqlarini bilishi qanday ijobiy natijalarga olib kelishini yana bir bor isbotladi.