Ramazon oyi — mehr-shafqat, saxovat va bag‘rikenglik fazilatlari yuksaladigan muqaddas davrdir. Ana shu muborak kunlarda aholining turmush farovonligini ta’minlash, ayniqsa kundalik iste’mol mahsulotlari narxini barqaror saqlash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda davlatimiz rahbari tomonidan ichki bozorda asossiz narx oshishining oldini olish, ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar ta’minotini uzluksiz yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq topshiriqlar belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Surxondaryo viloyati tuman (shahar) iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari tomonidan Ramazon oyi davomida doimiy monitoring ishlari olib borilmoqda. Xususan, dehqon bozorlari, savdo majmualari hamda arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalarida narx-navoning asoslanganligi, mahsulotlar sifati va savdo shaffofligi o‘rganilmoqda.
Hududlarda un, non, go‘sht, o‘simlik yog‘i, shakar, guruch kabi ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxini sun’iy ravishda oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlaridan halollik, insof va ijtimoiy mas’uliyat talab etiladi. Zero, Ramazon oyi nafaqat ro‘za tutish, balki o‘zaro hurmat va mehr-muruvvatni namoyon etish davridir.
Mutasaddi tashkilotlar tomonidan bozor va savdo nuqtalarida nazorat tadbirlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Aniqlangan qonunbuzarlik holatlari yuzasidan belgilangan tartibda choralar ko‘riladi. Aholidan kelib tushayotgan murojaatlar esa tezkorlik bilan ko‘rib chiqilib, amaliy yechim topish choralari ko‘riladi.
Narxlar barqarorligini saqlash — bu iqtisodiy barqarorlik bilan bir qatorda jamiyatdagi hamjihatlik va insoniylik mezonidir. Har bir tadbirkor muqaddas Ramazon oyining mazmun-mohiyatini chuqur his etib, avvalo xalq manfaatini ustuvor deb bilishi lozim.