Yurtimizda fuqarolarning iste’mol madaniyatini oshirish, ularning huquqiy ongi va huquqiy savodxonligini yuksaltirish, shuningdek, amaldagi qonunchilikni keng jamoatchilikka yetkazish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu kabi targ‘ibot ishlari nafaqat iste’mol madaniyatini oshiradi balki mahsulotlarning va xizmatlarning sifatiga ham bevosita ta’sir etmay qolmaydi.
Xuddi shunday tadbirlash Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Qumqo‘rg‘on tumanlarida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari tashabbusi bilan mazkur yo‘nalishda qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
✅ Sariosiyo tumanidagi 24-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti davra suhbati “Iste’molchi doimo haq” mavzusida olib borildi va tadbirda ishtirokchilar iste’molchilarning qonuniy huquqlari va ularni amalda qo‘llash tartibi haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Fikr almashuvlar davomida qatnashchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
✅ Shu bilan birga, Qumqo‘rg‘on tumanida ham “Qumqo‘rg‘ontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari ishtirokida navbatdagi o‘quv seminar tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunlari mazmun-mohiyati, ularning ahamiyati va amaliyotdagi qo‘llanilishi yuzasidan keng qamrovli tushunchalar berildi. Davlat va nodavlat sektor o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik, jamoatchilik nazorati va hamkorlikning samarali mexanizmlari muhokama qilindi.
Seminar yakunida gaz ta’minoti bo‘limi vakillari tomonidan bildirgan taklif va fikr-mulohazalar tinglanib, jamiyat bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.